Talabalar turar joyini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi e’loni

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiy sektorga berilayotgan e’tibor kundan-kunga kuchayib bormoqda. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ayrim xizmatlarning xususiy sektorga o‘tkazilishi nafaqat xizmat sifatini oshiradi, balki budjet mablag‘larining samarali sarflanishini ham ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarori bilan talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida, xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali barpo etish belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-oktabrdagi 720-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 11-bandiga muvofiq, aholi va xizmatlardan foydalanuvchilarning manfaatlarini inobatga olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihasi jamoatchilik muhokamasi bilan birga tayyorlanadi.

Shu munosabat bilan Navoiy davlat universiteti hududida davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joyi barpo etish loyihasi ishlab chiqilayotganligini ma’lum qilamiz.

Loyiha haqida qisqacha

  • Xususiy sherik va Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 800 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi.
  • Xususiy sherikka loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha bir o‘ringa to‘g‘ri keladigan qiymatning 50 foizi miqdorida (biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan holda) subsidiya ajratiladi.
  • Qurilgan bino 30 yildan so‘ng davlat sherigiga soz holda qaytariladi.
  • Xususiy sherik 30 yil davomida talabalarga yotoq joy xizmatlarini ko‘rsatadi; binoni soz holda saqlash va sifatli xizmat ko‘rsatish xususiy sherik hisobidan amalga oshiriladi.
  • Yotoq joy uchun talabalar to‘laydigan to‘lov miqdori davlat sherigi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Universitet hududining joylashuvi va loyiha uchastkasi

Fikr-mulohazalar qabul qilinadi

Mazkur loyiha yuzasidan fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa, ularni 2026-yil 19-sentabrga qadar quyidagi manzillarga yuborishingiz mumkin:

Navoiy davlat universiteti
Navoiy shahri, “Yoshlik” MFY hududi
Elektron pochta: info@nspi.uz
Telefon: (+998) 79 225-19-30, (+998) 90 620-02-73

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
100095, Toshkent shahri, Talabalar ko‘chasi, 7-uy
Elektron pochta: devonxona@edu.uz
Telefon: 55 520-08-08

Loyiha to‘g‘risida ma’lumot

Navoiy davlat universiteti hududida davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joyi binosini loyihalashtirish, qurish, jihozlash, foydalanish, xizmat ko‘rsatish va qaytarishni tashkil etish loyihasi.

Asosiy ko‘rsatkichlarMa’lumotlar
1Loyihaning nomiNavoiy davlat universiteti hududida davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli talabalar turar joyi binosini loyihalash, qurish, jihozlash, foydalanish, xizmat ko‘rsatish va qaytarishni tashkil etish
2Loyiha taraflariDavlat sherigi: Navoiy davlat universiteti
Xususiy tashabbuskor: “CAREFUL BULDERS” MCHJ
3Loyihaning faoliyat yo‘nalishiNavoiy davlat universiteti talabalari turar joy bilan ta’minlanadi
4Loyihaning joylashgan manziliNavoiy shahri, “Yoshlik” MFY hududi, Navoiy davlat universiteti
5Loyihani amalga oshirish muddati1 yil 4 oy
6Loyihaning amal qilish muddati30 yil
7Iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmat tariflariTalabalar uchun turar joyda yashaganlik uchun oyiga 440,0 ming so‘m
8Loyihaning umumiy qiymati73 063,8 mln so‘m
9Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi va turlariNavoiy davlat universiteti hududidan 0,6 ga yer maydoni vaqtincha foydalanishga beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 563-sonli qarorining 1(b)-bandiga muvofiq, xususiy sherikka bitta yotoq o‘rni hisobida talab etiladigan mablag‘ning 50 foizi, ya’ni 35,2 mlrd so‘m miqdorida Davlat budjetidan subsidiya ajratiladi.

Manba: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy sayti

Savolingiz yoki taklifingiz bormi?

Universitet jamoasi siz bilan bogʻlanishdan mamnun. Biz bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqaga chiqing.